Alisher Navoiy asarlarida til va falsafiy tafakkur
Alisher Navoiy ijodi o‘zbek mumtoz adabiyoti, milliy til va tafakkur tarixining eng yuksak bosqichini tashkil etadi. Uning asarlari nafaqat badiiy-estetik qiymati, balki tilshunoslik, falsafa, madaniyatshunoslik va ijtimoiy tafakkur nuqtayi nazaridan ham keng tadqiqotlar olib borishni talab etadi. Bugungi globallashuv va madaniy integratsiya sharoitida Navoiyning ijodiy merosini chuqur va tizimli o‘rganish alohida ilmiy va ijtimoiy ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan:
Birinchidan, Navoiy ijodi o‘zbek adabiy tilining shakllanishi va me’yorlashuvida hal qiluvchi rol o‘ynagan. Uning asarlarida turkiy tilning leksik, grammatik va stilistik imkoniyatlari mukammal darajada namoyon bo‘lgan. Shu bois, Navoiyni o‘rganish o‘zbek tilining tarixiy rivojlanish bosqichlarini, til va tafakkur uyg‘unligini anglash uchun zarur ilmiy manba hisoblanadi.
Ikkinchidan, Navoiy asarlarida til, tafakkur va madaniyat o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik yorqin ifodalangan. U so‘zni shunchaki aloqa vositasi sifatida emas, balki insonning ichki dunyosi, axloqiy qadriyatlari va milliy ongini aks ettiruvchi hodisa sifatida talqin qiladi.
Uchinchidan, Navoiy ijodi milliy o‘zlikni anglash va madaniy identifikatsiya masalalarida muhim manbadir. “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarida ilgari surilgan ona tilining qadri, uning ijodiy imkoniyatlarini ochish g‘oyalari bugungi kunda ham til siyosati, madaniy merosni asrash va rivojlantirish jarayonlari bilan bevosita bog‘liqdir.
To‘rtinchidan, Navoiyning badiiy tafakkuri umuminsoniy g‘oyalar – adolat, muhabbat, komillik, ma’naviy poklik kabi tushunchalarni yuksak estetik darajada ifodalaydi. Bu g‘oyalar zamonaviy jamiyatda axloqiy-me’yoriy muammolarni anglash va yosh avlodni ma’naviy tarbiyalashda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
Beshinchidan, Navoiy ijodi fanlararo tadqiqotlar uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Uning asarlarini tilshunoslik, adabiyotshunoslik, falsafa, tarix, madaniyatshunoslik va pedagogika nuqtayi nazaridan kompleks o‘rganish zamonaviy ilmiy paradigmalarga mos keladi.
Alisher Navoiy “Muhokamatul-lug‘atayn” asarini turkiy tilning (eski o‘zbek tili) fors tili bilan raqobat qila olishini va hatto undan boyroq ekanini isbotlash maqsadida yozgan. Navoiy so‘zni ko‘ngil dengizidagi durga qiyoslaydi va uning qiymati nutq egasining mahoratiga bog‘liqligini ta’kidlaydi. Uning bu asarida tilshunoslikka oid muhim qarashlari aks etgan bo‘lib, ushbu qarashlar Navoiyning o‘zbek tilining leksik-grammatik imkoniyatlarini naqadar chuqur va mukammal bilganligidan, asarda tilning barcha sathlari bo‘yicha ilmiy tahlillarida aniq ko‘zga tashlanadi. Xususan, “Muhokamatul-lug‘atayn” asarida uning quyidagi tahlillarini belgilash mumkin:
So‘z boyligi (Leksika) tahlili. Navoiy turkiy tilning leksik ustunligini quyidagi dalillar bilan isbotlaydi: fe’llar tizimi – muallif turkiy tilda shunday 100 ta fe’lni sanab o‘tadiki, ularning nozik ma’no qirralarini fors tilida bitta so‘z bilan ifodalashning imkoni yo‘q. Masalan, yig‘lashning turli holatlari uchun yig‘lamasinmoq, ingramoq, singramoq, siqtamoq, o‘kurmoq kabi o‘nga yaqin so‘zning mavjudligi turkiy tilning ifoda imkoniyatlari kengligidan dalolat beradi.
Terminologiya. Ov qushlari, hayvonlarning jinsi va yoshiga qarab nomlanishi (masalan, huna, qilchoqchi, bug‘u, maral), kiyim-kechak, oziq-ovqat va qarindoshlik nomlari turkiy tilda g‘oyatda aniq va tizimli ekani asarda keng yoritilgan.
Grammatik imkoniyatlar. Navoiy turkiy tilning grammatik qurilishidagi o‘ziga xosliklarni ham alohida qayd etadi: so‘z yasash: kasb-hunar nomlarini yasovchi “–chi” qo‘shimchasining (qo‘rchi, suvchi, xazinachi) unumdorligi va forsiylar ham bu so‘zlarni o‘zlashtirishga majbur bo‘lishi ta’kidlanadi. Sifat darajalari: rang va sifatlarning kuchaytirilgan darajasini yasash usullari (masalan, op-oq, qap-qaro, ko‘m-ko‘k) turkiy tilning o‘ziga xos lisoniy hodisasi sifatida ko‘rsatilgan. Fe’l nisbatlari: Navoiy arab tilidagi “mufa’ala” bobiga qiyoslab, turkiy tildagi birgalik nisbatini ifodalovchi “–sh” (masalan, topishmoq, quchishmoq) qo‘shimchasi orqali murakkab ma’nolar ixcham ifodalanishini ko‘rsatadi va hokazo.
Shuningdek, Alisher Navoiy turkiy xalqlar (turklar) tabiatan tezfahm va baland idrokli bo‘lgani bois fors tilini mukammal o‘rganganliklarini, biroq forsiyzabon (sart) ijodkorlar turkiy tilning qiyinligi va nozikliklari tufayli unda ijod qilishda ojiz qolayotganliklarini kuyunib bayon etadi. U ijodkorlarni o‘z ona tili –turkiy tilning bepoyon imkoniyatlaridan foydalanishga va bu tilda ham yuksak asarlar yaratishga undaydi. Ko‘rinadiki, “Muhokamatul-lug‘atayn” asari shunchaki ikki tilni taqqoslovchi asar emas, balki turkiy tilning milliy o‘ziga xosligini, uning badiiy-estetik quvvatini ilmiy asosda himoya qilgan manifestdir. Navoiyning bu asari turkiy tilning dunyo tillari orasidagi munosib o‘rnini belgilab bergan.
Ushbu asar garchi tilshunoslikka bag‘ishlangan bo‘lsa-da, u chuqur falsafiy va irfoniy mushohadalar bilan boshlanadi va bunday fikrlar asar davomida ham uchrab turadi. Navoiyning tildagi falsafiy qarashlarini quyidagi yo‘nalishlarda ko‘rish mumkin:
1. So‘z va ko‘ngil falsafasi. Navoiy so‘zni shunchaki aloqa vositasi emas, balki g‘oyatda qimmatli bir javohir deb biladi. Uning falsafiy ta’rifiga ko‘ra, “so‘z bir dur bo‘lib, uning daryosi ko‘ngildir”. Ko‘ngil esa shunday bir makonki, unda barcha ma’nolar (mayda va yirik) jamlangan bo‘ladi. Navoiy so‘zning qiymati uni so‘zlovchi kishining (“sohibi ixtisos”) darajasiga bog‘liqligini ta’kidlaydi.
2. Inson omili ma’no va nutqning markazi sifatida. Mutafakkir koinotdagi barcha maxluqotlar orasida insonning o‘rnini alohida ta’kidlaydi. Uning fikricha, barcha so‘z va iboralardan maqsad ma’nodir, barcha maxluqotlardan maqsad esa insondir. Insonni “ma’ni va bayonning namoyon bo‘ladigan joyi” (mazhari maoniy va bayon) deb ataydi. Bu uning dunyoqarashida inson markaziy o‘rinda turishini, til esa insonning mohiyatini ochuvchi ilohiy ne’mat ekanini ko‘rsatadi.
3. So‘zning ruhiy va jismoniy ta’siri. Navoiy so‘zning inson vujudiga ta’sirini falsafiy va mo‘jizaviy nuqtayi nazardan ham tahlil qiladi. Uning fikricha, “Yaxshi so‘z – o‘lgan badanga toza ruh (jon) bag‘ishlaydi va uni Masih (Iso payg‘ambar) kabi qayta tiriltira oladi”. “Yomon so‘z – tirik tanni halok qiluvchi zahar kabi ta’sir etadi”.
4. Insoniy tabiat va xilqat haqidagi fikrlar. Asarda turli xalqlar (turklar va sartlar) misolida inson tabiati va intellektining xususiyatlari haqida falsafiy-ijtimoiy xulosalar chiqariladi. Alisher Navoiy turklarni yaratilish jihatidan (xilqatiy) “sofroq va pokroq, tezfahm va baland idrokli”, deb hisoblasa, sartlarni (forslarni) “ilm va hikmatda nozik nuqtalarga erishuvchan”, deb ta’riflaydi.
5. Ijod va “tabiat” falsafasi. Navoiy ijodkorning o‘z tili yoki o‘zga tilda asar yaratishi ortidagi ruhiy jarayonlarni tahlil qiladi. U yangi boshlovchi ijodkorlarning oson yo‘lni tanlashi, odat (mut’od) kuchining inson tabiatiga ta’siri haqida gapiradi. Shuningdek, u o‘zining ijodiy kamolotini ta’riflar ekan, bu yo‘lni “o‘n sakkiz ming olamdan ortiqroq” bir olamni kashf etishga qiyoslaydi. Ko‘rinadiki, Alisher Navoiy uchun til shunchaki qoidalar majmuasi emas, balki ko‘ngil daryosidagi ma’nolarni yuzaga chiqaruvchi ilohiy va falsafiy qudratdir.
Xulosa qilib aytganda, Alisher Navoiy qarashlarida til shunchaki aloqa vositasi emas, balki inson tafakkuri, ma’naviyati va milliy ongining falsafiy asosi sifatida talqin etiladi. U so‘zni ko‘ngil dengizidagi durga qiyoslar ekan, tilning qadr-qimmati nutq egasining tafakkur darajasi va axloqiy mas’uliyati bilan chambarchas bog‘liqligini ta’kidlaydi. Ayniqsa, “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarida ilgari surilgan fikrlar turkiy tilning leksik, grammatik va ifodaviy imkoniyatlari jihatidan yuksakligini ilmiy dalillar asosida namoyon etadi.
Navoiy tilni milliy madaniyat va ijtimoiy tafakkurning tayanch unsuri sifatida baholab, ijodkor zimmasiga ona tilida yuksak asarlar yaratish mas’uliyatini yuklaydi. Uning so‘z, nutq va sukut haqidagi falsafiy qarashlari bugungi zamonaviy tilshunoslikda muhim o‘rin tutayotgan til–tafakkur–madaniyat munosabatlari bilan mushtarakdir. Shu bois Alisher Navoiy til falsafasi nafaqat tarixiy-adabiy ahamiyatga ega, balki hozirgi tilshunoslik va madaniy tadqiqotlar uchun ham dolzarb nazariy manba bo‘lib xizmat qiladi.
Nasiba Sayidiraхimоva,
“O‘zbеk va xorijiy tillar” kafedrasi dotsenti
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish