Xotira – millatning ma’naviy tayanchi
Har bir xalqning o‘zligini saqlab qolishi, tarixiy ildizlarini unutmasligi va kelajak sari ishonch bilan qadam tashlashi, avvalo, uning tarixiy xotirasiga bog‘liqdir. Xotira bu shunchaki o‘tmishni eslash emas, balki ajdodlar bosib o‘tgan yo‘lni anglash, ularning jasorati va fidoyiligidan saboq chiqarish, milliy o‘zlikni asrab-avaylash demakdir. Shu ma’noda, xotira har bir millatning ma’naviy tayanchi, ruhiy qudrati va tarixiy xazinasi hisoblanadi.
Mamlakatimizda har yili 9-may – Xotira va qadrlash kunining keng nishonlanishi ham xalqimizning ajdodlarga hurmat, inson qadriga ehtirom va tarixiy xotiraga sadoqat kabi ezgu qadriyatlarga sodiqligini namoyon etadi. Bu sana urush va mehnat faxriylarini qadrlash, Vatan ozodligi va tinchligi yo‘lida jon fido qilgan insonlar xotirasini yod etish kuni sifatida alohida ahamiyatga kasb etadi.
Joriy yilda ham 2026-yil 16-aprelda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “9-may – xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qarorda 9-may – Xotira va qadrlash kunini umumxalq bayrami sifatida keng nishonlash, Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan buyuk gʻalabaga butun xalqimiz qatori ulkan hissa qoʻshgan muhtaram faxriylarimizni qadrlash, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xotirasini eʼzozlash, shuningdek, oʻsib kelayotgan yosh avlodni Vatanga mehr va sadoqat ruhida tarbiyalash kabi ustuvor vazifalar belgilab berilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek: “Xotira bor ekan – millat barhayot, qadr bor ekan – inson ulug‘dir”. Ushbu fikr tarixiy xotira va inson qadrining jamiyat taraqqiyotidagi o‘rnini teran ifodalaydi. Darhaqiqat, o‘z tarixini unutgan xalq asta-sekin o‘zligini ham yo‘qota boshlaydi. Shu bois ajdodlar merosini o‘rganish, tarixiy voqealarni xolis anglash va buyuk siymolar xotirasini e’zozlash jamiyat taraqqiyotining muhim omillaridan biridir.
O‘zbekiston xalqi uzoq tarix davomida ko‘plab sinovlarni boshdan kechirgan. Turli bosqinlar, urushlar, qiyinchilik va yo‘qotishlarga qaramay, xalqimiz o‘zining milliy qadriyatlari, diniy bag‘rikengligi va insoniy fazilatlarini saqlab qolgan. Bunda tarixiy xotiraning o‘rni beqiyos bo‘lgan.
Ikkinchi jahon urushi yillarida o‘zbekistonliklarning ko‘rsatgan jasorati ham xalqimizning tarixiy xotirasida mangu saqlanadi. Millionlab insonlar frontga safarbar etilib, Vatan ozodligi uchun kurashganlar. Front ortida qolgan yurtdoshlarimiz esa tun-u kun mehnat qilib, g‘alaba uchun munosib hissa qo‘shganlar. Bu fidoyilik bugungi avlod uchun chinakam vatanparvarlik maktabidir.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev quyidagi fikrni ham alohida ta’kidlagan: “Biz jasorat va matonat ko‘rsatgan ota-bobolarimiz xotirasini doimo e’zozlaymiz. Ularning buyuk xizmatlari hech qachon unutilmaydi”.
Xotira va qadrlash tushunchalari xalqimizning asriy qadriyatlari bilan chambarchas bog‘liqdir. Ayniqsa, keksalarni e’zozlash, ota-onaga hurmat ko‘rsatish va ajdodlar ruhini yod etish sharqona tarbiyaning muhim qismi hisoblanadi.
Muqaddas islom dinida ham inson xotirasiga, ota-onani qadrlashga va ezgulikni unutmaslikka katta ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) hadislaridan birida shunday marhamat qilganlar: “Odamlarga rahmat aytmagan kishi Allohga ham shukr qilmagan bo‘ladi”. Ushbu hadis insonning yaxshilikni qadrlashi, ezgu insonlarni unutmasligi va minnatdor bo‘lishi kerakligini anglatadi.
9-may – Xotira va qadrlash kunida urush faxriylari, mehnat fronti qatnashchilari va yoshi ulug‘ insonlarni holidan xabar olish, ularga ehtirom ko‘rsatish xalqimizning insonparvarlik fazilatlarini namoyon etadi. Chunki inson qadri ulug‘langan jamiyatda mehr-oqibat, birdamlik va ma’naviy yuksalish bo‘ladi.
Bugungi globallashuv sharoitida yosh avlod qalbida milliy g‘urur, tarixiy xotira va vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash dolzarb vazifaga aylangan. Chunki o‘z tarixini bilmagan, ajdodlari bilan faxrlanmagan yosh turli yot g‘oyalarga berilib ketishi mumkin.
Ajdodlarimizning jasorati, sabr-matonati va fidoyiligini o‘rganish yoshlarni ma’naviy barkamollikka undaydi. Tarixiy xotira yosh avlodni Vatanga sadoqat, milliy qadriyatlarga hurmat va insoniylik ruhida tarbiyalaydi.
Urush va mojarolarning dahshatli oqibatlarini unutmaslik insoniyatni tinchlikning qadriga yetishga undaydi. Shu sababli tarixiy xotira tinchlik va osoyishtalikni saqlashda muhim ma’naviy omil hisoblanadi.
Bugungi tinch va farovon hayotimiz minglab insonlarning jasorati va qurbonliklari evaziga qo‘lga kiritilganini unutmasligimiz kerak. Tinchlikni asrash esa har bir insonning muqaddas burchidir.
Xulosa qilib aytganda, xotira – millatning ma’naviy tayanchi, xalqning ruhiy qudrati va bebaho boyligidir. O‘z tarixini, ajdodlarini va qahramonlarini qadrlagan xalq hech qachon yo‘qolmaydi. Tarixiy xotira inson qalbida vatanparvarlik, sadoqat, mehr-oqibat va insoniylik tuyg‘ularini mustahkamlaydi.
Ajdodlarimizning jasorati va fidoyiligini yod etish, keksalarni qadrlash, yoshlarni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash har birimizning muqaddas burchimizdir. Chunki xotira bor joyda ma’naviyat yuksaladi, birlik mustahkamlanadi va xalqning kelajakka ishonchi ortadi.
Zero, xotira – millatni birlashtiruvchi buyuk ma’naviy kuchdir.
Nuriddin Qolqanov,
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi dotsenti,
Zilola Mirzaolimova,
“Xalqaro munosabatlar” ta’lim yo‘nalishi talabasi
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish