2

BMT va O‘zXIA: hamkorlik aloqalarida yangi davr

Bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasiga Birlashgan Millatlar Tashkilotining Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi loyiha menejeri Dimitriy Ponomaryov boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.

Uchrashuv davomida Akademiya vakillari ishtirokida seminar o‘tkazildi.

Unda Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Ilhomjon Bekmirzayev, rektor maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev, fakultet dekanlari, “Ziyo” media markazi vakillari hamda professor-o‘qituvchilar ishtirok etishdi.

Muloqot avvalida BMT va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlari yuqori darajada faol davom etayotgani, xususan, jaholatga qarshi ma’rifat shiori ostida zo‘ravonlik va ekstremizmga qarshi kurash sohasidagi hamkorlik aloqalari tobora rivojlanib borayotganini qayd etildi.

O‘z navbatida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi loyiha menejeri Dimitriy Ponomaryov hamkorlik imkoniyatlari keng ekanligiga urgʻu berib, bugungi seminar har ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lishini ta'kidladi.

Bugungi seminar “Ko‘rinish, vazifa va strategik yo‘nalish”, “Ustuvor yo‘nalishlar va institutsional qamrov”, “Hamkorlik va institutsional tuzilma” hamda “Tashkilotining Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi uchun monitoring va baholash tizimi” kabi panel sessiyalarga bo‘lingan holda davom etdi.

Muloqotda islom ilm-fani va madaniyatining boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish, islom dinining insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berishda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi boshqa diniy-ta’lim muassasalari orasida muhim ahamiyat kasb etishini haqida so‘z yuritildi. Shu bois, Akademiya professor-o‘qituvchilari uchun amaliy seminar tashkil etildi.

Seminarda birgalikda ekstremizmga qarshi loyihalar, videoroliklar, soha mutaxassislari ishtirokida video qo‘llanmalar, risolalar tayyorlash haqida amaliy mashg‘ulotlar olib borildi.

Bu kabi seminarlar Akademiya professor-o‘qituvchilarining turli internet manbalari vositasida yoshlarni yot g‘oyalardan himoya qilish, jamiyatda diniy mutaassiblikning ildiz otishiga yo‘l qo‘ymaslik, terrorristik va ekstremistik g‘oyalarga qarshi aholida immunitet hosil qilishlariga yordam beradi.

Seminar 14-mayga qadar davom etadi.

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish