1

O‘zbekiston va Malayziya diniy-ma’rifiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqda

 Avval xabar berganimizdek, I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamenti boshlig‘i, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Sodiq Toshboyev va Malayziya Islom ishlari, da’vat va hidoyat vaziri Zulkifli bin Hassan hamda “Tabung Haji” jamg‘armasi raisi Tan Sri Abdul Rashid bin Hussain o‘rtasida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralar davomida O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi ko‘p qirrali strategik sheriklik munosabatlarini diniy-ma’rifiy, ilmiy va ta’lim sohalarida yanada chuqurlashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Tomonlar oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida institutsional hamkorlikni kengaytirish, professor-o‘qituvchilar va talabalarning akademik almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va malaka oshirish loyihalarini amalga oshirish, islomshunoslik hamda zamonaviy diniy ta’lim yo‘nalishlarida tajriba almashish bo‘yicha o‘zaro manfaatli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Shuningdek, Malayziyaning 60 yillik tarixga ega “Tabung haji” jamg‘armasi tajribasi asosida Haj ziyoratini tashkil qilish ishlarini tizimli o‘rganish, Malayziya tajribasi asosida O‘zbekistonda islom bankchiligi va moliyasi markazlarini hamkorlikda tashkil etish hamda ijtimoiy sohadagi muammolarni ilmiy asosda hal etishga qaratilgan takliflarni shakllantirish, ziyorat turizmining zamonaviy formatlarini rivojlantirish, jumladan, “Umra plyus” dasturlari doirasida O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy va islom sivilizatsiyasi merosini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish, ushbu yo‘nalishda qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Uchrashuvda diniy-ma’rifiy sohadagi amaliy hamkorlik O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi strategik sheriklikni yangi mazmun bilan boyitish, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlash, shuningdek, bag‘rikenglik, ma’rifat va mo‘tadillik tamoyillarini xalqaro miqyosda ilgari surishga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.
 

Izoh qoldirish