58

Saxovat, ezgulik va poklik bayrami

SHUKUH

Poklanish, mehr-oqibat, insonparvarlik, bagʻrikenglik, ezgulik va saxovat oyi boʻlgan muborak Ramazonning ham soʻnggi kuni qoldi. Hayit arafasidagi ushbu qutlugʻ pallalarda hammaning koʻngliga shunday fayzli va barakotli kunlarga yetkazgani uchun Parvardigorga shukronalik tuygʻusi ingan. Barchaning qalbidan shunday saodatli oylarning yana koʻpini koʻrish umidi joy olgan. Qalblarga imon nurini baxsh etadigan ushbu ulugʻ ayyomni yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik muhitida, oilalar bagʻrida, el-yurt davrasida kutib olayotgan har bir yurtdoshimiz buning uchun Haq taologa cheksiz shukrona keltiradi.

Joriy yil Oʻzbekiston ahli muborak Ramazonni oʻzgacha, odatdagidan koʻtarinki ruhda kutib oldi. Chunki bu muqaddas oy arafasida xalqimiz Xalqaro xotin-qizlar kunini nishonlagan boʻlsa, Ramazon kirib kelganidan keyin Navroʻz umumxalq bayramini tantana qildi.

8-mart bayrami Ramazon oyidagi xayrli tadbirlarga tayyorgarlikning debochasi boʻldi, desak yanglishmagan boʻlamiz. Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan onaxonlarimiz va opa-singillarimiz sogʻligʻini mustahkamlash, ish bilan bandligini taʼminlash, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish vazifalari alohida belgilanishi barobarida umummilliy ahamiyatga ega gʻoyat muhim maqsad ham bayon etildi. Yaʼni oʻgʻil-qizlarimizni jismonan va maʼnan barkamol etib tarbiyalash, milliy gʻurur, Vatanga muhabbat, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida voyaga yetkazish barchamizning asosiy burchimiz ekanidan kelib chiqib, yoshlar tarbiyasiga eʼtiborni yanada kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi. Davlatimiz rahbari, jumladan, bunday dedi: “Biz maʼnaviy tarbiya ishlarini endi mutlaqo yangicha usulda olib borishimiz kerak. “Ezgulik – shiorimiz, maʼrifat – qurolimiz” degan gʻoya asosida bu jarayonni avvalo oiladan, mahalladan boshlashimiz lozim. Zotan, hadisi sharifda aytilganidek, “Ota-ona oʻz farzandiga yaxshi tarbiyadan boshqa meros qoldirolmaydi”. Muhtarama opa-singillarimiz, duogoʻy onaxonlarimizning masʼuliyati aynan ana shu masalalarda yaqqol namoyon boʻladi”.

Ezgulik va maʼrifat muqaddas dinimizning asosiy tamoyillaridan. Shu bois, mazkur chaqiriqni Ramazon oyiga tayyorgarlikning oʻziga xos ibtidosi, deyish mumkin.

Musulmon dunyosi 11-martdan qalbi va ruhini poklashga kirishdi. Kimdir saxovatpesha boʻlib, odamlarga yeguliklar ulashyapti, iftorliklar tashkil etyapti. Yana kimdir Mehribonlik uylariga, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga yordam koʻrsatyapti. Bunday xayrli ishlarni qilayotganlar imkon qadar shaxsini sir tutyapti. Yaʼni bunda riyo yoʻq. Ular xalqimizning “Yaxshilik qil, daryoga tashla, baliq bilar, baliq bilmasa ham Xoliq bilar”, “Oʻng qoʻling berganini chap qoʻling bilmasin” singari hikmatlariga rioya qilyapti.

Hamyurtlarimizning qalbidagi saxovatga yanada koʻproq intilish hissi, Ramazon kayfiyati shunday xayrli amallarda koʻrinish berayotgani umumiy ijtimoiy manzarada yaqqol namoyon boʻlyapti. Maʼnaviy poklanish, sabr-qanoat, xayr-u saxovat fazilatlari ziyoda boʻladigan mohi Ramazonni milliy anʼana va qadriyatlarimizga mos tarzda, yuksak saviyada oʻtkazish, yurtimiz musulmonlarining ibodat amallarini emin-erkin ado etishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi. Davlatimiz rahbarining Namangan viloyatida oʻtkazilgan iftorlikda qatnashgani Oʻzbekiston tarixida misli koʻrilmagan voqea boʻldi.

Navroʻz umumxalq bayramiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqda ham yurtimizda Ramazon muhiti qaror topganining alomatini koʻramiz: “Bugun obi rahmat yomgʻirlari bilan osmondan rizq-u roʻz, qut-baraka yogʻmoqda. Hammamiz bu holatni shukronalik bilan qabul qilamiz”. 

Ha, Ramazon faqat saxovat va poklanish emas, baraka oyi hamdir. Bu oyda islom ummati ibodat, sabr, saxovat va riyozatga boshqa oylardagiga qaraganda, kattaroq va kuchliroq masʼuliyat bilan yondashadi. Kundalik ibodatlar barobarida Qurʼon tilovati, xayrli amallar va ehsonni koʻpaytiradi, zakot beradi. Shu sababli musulmonlar Ramazon oyini oʻzgacha intiqlik bilan kutadi, uni boshqacha taqvo bilan oʻtkazadi. Bu oyda koʻpchilik shu choqqacha bosib oʻtgan hayot yoʻli toʻgʻrisida kengroq mushohada qiladi. Ramazonda Yaratganga qalbini taslim etib, kunduzlari yeyish-ichishdan, turli koʻngilxushliklardan voz kechgan inson irodasini chiniqtirib, toblab boradi.

Oziq-ovqat va ichimlikdan tiyilishda katta hikmat bor. Inson bir parcha nonga, bir hoʻplam suvga zor boʻlganlarning ahvolini ich-ichidan his etadi. Bu tuygʻu unda rahm-shafqat, saxovat va bagʻrikenglik fazilatlarini rivojlantiradi. Inson qoʻli ochiqroq boʻla boradi, miskinlarga yordamini kuchaytirishga harakat qiladi. Poklik, ibodat va taqvo qalbini yumshatadi va qusurlaridan xalos boʻlishiga yordam beradi. Shu bois, butun islom olamida Ramazon oyi orziqib kutiladigan, Haq taologa yaqinlashish imkonini beradigan muborak va quvonchli palla sanaladi. U Parvardigorning bandalarga ulugʻ inoyati va ulkan ajru savob neʼmatidir. Zero, bu kunlar tan uchun neʼmatlardan tiyilish davri boʻlsa, qalb uchun orom onlarini tuhfa etadi.

Qurʼoni karimda Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

“Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va toʻgʻri yoʻl hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qurʼon nozil qilingan oydir. Bas, sizlardan kim bu oyda (oʻz yashash joyida) hozir boʻlsa, roʻzasini tutsin. Kim bemor yoki safarda boʻlsa, (tuta olmagan kunlarining) sanogʻi boshqa kunlardandir. Alloh sizlarga yengillikni istaydi, ogʻirlikni xohlamaydi. Bu – hisobni toʻldirishingiz hamda hidoyatga boshlagani uchun Allohga takbir (hamd-u sano) aytishingiz uchundir. Shoyad shukrqilsalaringiz” (Baqara surasi, 185-oyat).

Haq taolo Oʻzining abadiy moʻjizasi, qiyomatgacha insoniyatga hidoyat boʻladigan kitobi boʻlmish Qurʼoni karimni nozil qilish vaqti etib Ramazoni sharifni ixtiyor etganining oʻzi by oyning fazilati naqadar yuksak ekanini koʻrsatadi. Roʻza ibodatini ayni Ramazon oyida ado etishni farz qilgani esa nur ustiga nur, fazilat ustiga fazilatdir. Bu oyning birinchi oʻn kunligi – rahmat, ikkinchisi – magʻfirat, oxirgisi – jahannamdan xalos boʻlish davri ekani paygʻambarimizning koʻplab hadislarida bayon etilgan.

Imom Buxoriy va Imom Muslim Abu Hurayra roziyallohu anhudan paygʻambarimizning quyidagi soʻzlari keltirilgan: “Qodir Alloh aytadi: “Odam bolasining har qanday ishi uning oʻzi uchun, faqat roʻza mustasno, roʻzani Men uchun tutadi, uning ajrini ham Oʻzim beraman”. Roʻza qalqondir, sizlardan biringiz roʻza tutsa, har qanday yomonlikdan saqlansin va ovozini balandlatmasin. Kimdir unga yomon gapirsa yo janjallashmoqchi boʻlsa, “Men roʻzadorman!” desin”.

Ramazon nafsni jilovlash oyidir. Roʻza tutgan inson tashqi olamini ozoda saqlash, feʼlini yaxshilash, tili va koʻzini tiyishdan tashqari ichki dunyosini ham poklaydi — tubanlik va razolatga boshlovchi oʻy-xayollardan chekinadi. Riyo qilmaydi, dili va ruhini tarbiyalaydi. Shunday qilmas ekan, uning roʻzasi quruq ochlik va tashnalik bilan oʻziga jabr yetkazishdan boshqa narsa boʻlmay qoladi. Alloh qalbi toza boʻlmagan bandaning oziq-ovqat va ichimliklardan tiyilishiga muhtoj emas.

Bu oy, avvalo, qalbni poklash, feʼl-atvorni ayb va nuqsonlardan xoli qilish pallasidir. Yil davomida yigʻilib qolgan xatolarni mulohaza qilib, takrorlamaslik yoʻlini mahkam tutish salohiyatiga mana shu oyda erishish imkoniyati koʻproq boʻladi. Chunki nafsning jilovlanishi insonni faqat yaxshi tomonga oʻzgartirishga xizmat qiladi. Kishi bekorchi oʻy-xayollar, oldi-qochdi gap-soʻzlar, behuda xatti-harakatlardan tiyilishi, yomon odatlarni tark etishi bilan komillik yoʻliga oʻtadi. Sogʻlom turmush tarzining foydalarini jism-u tani va ruhiyatida his etib, afzalliklariga guvoh boʻladi va ishonch hosil qiladi. Bularning barchasi shukronani kuchaytiradi.

Har yili jism va ruhni shunday riyozatdan oʻtkazish orqali insonning ichki dunyosi oʻzgaradi. Bora-bora u faqat Ramazonda emas, umuman, butun hayoti davomida saxiyroq, rahmliroq boʻladi. Yaʼni Ramazon tugasa-da, bu xayrli ishlar yakun topmaydi. Iyd al-fitr bayram qilinganidan keyin ham inson oʻy-xayollari va xatti-harakatlari nazoratini boʻshashtirmaydi.

Yurtimizda Ramazon oyiga davlat darajasida eʼtibor beriladi. Har yili bu oyni, Ramazon hayitini munosib oʻtkazish toʻgʻrisida Prezident qarori qabul qilinishi bu fikrning yorqin dalilidir. Bir necha yildan buyon tarovih namozlari chogʻida qilinadigan xatmi Qurʼon ham goʻzal tarzda tartibga solib kelinayotganiga guvoh boʻlyapmiz. Mana, namozxonlarga qulay boʻlishi uchun butun mamlakat boʻylab tarovih namozining vaqti aniq qilib belgilandi. Qaysi kuni Musʼhafi sharifning qayeridan qayerigacha oʻqilishi koʻrsatib berildi. Yaʼni turli sabablarga koʻra, oʻzi qatnab yurgan masjidga emas, boshqasiga borib qolgan odam xatmning kelgan joyidan davom etishi borasida hech ikkilanmadi. Oxirida butun mamlakat Qadr kechasida yoppasiga, deyarli birga duo qildi. Bu odat goʻzal anʼanaga aylanib ulgurdi, deb bemalol aytish mumkin. Har yili tele va radiokanallarimizda aynan iftorlik va saharlik paytlariga moʻljallab maʼrifiy koʻrsatuv va eshittirishlar tayyorlanadi. Qisqasi, roʻzadorlar nafaqat jisman, balki maʼnan oʻz-oʻzini tarbiyalab, takomillashtirib borishi uchun barcha choralar koʻrilgan.

Vijdon erkinligi haqida soʻz borar ekan, maʼrifiy yuksalish, ajdodlar merosini oʻrganish va targʻib qilish borasidagi ishlarga toʻxtalmay iloj yoʻq. Yurtimizda qisqa vaqtda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Hadis ilmi maktabi tashkil qilindi. Buxorodagi Mir Arab madrasasiga yangi hayot baxsh etildi. Bu muassasalarning barchasi xalqimizning koʻp asrlik ilmiy-maʼnaviy merosini oʻrganish, diniy va dunyoviy jihatdan tadqiq etish, milliy va xalqaro miqyosda targʻib qilish bilan birga, davlatimiz siyosatining asosiy yoʻnalishlaridan biri – jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashishga ham xizmat qiladi, albatta.

Xalqimiz Imom Moturidiy, Imom Buxoriy, Burhoniddin Margʻinoniy kabi islom ilmlari taraqqiyotida gʻoyat salmoqli oʻrin tutgan ajdodlari bilan ham haqli ravishda faxrlanadi. “Sahih ul-Buxoriy” islom olamida Qurʼoni karimdan keyingi moʻtabar manba sanaladi. Dunyo musulmonlarining katta qismi Imom Moturidiy aqidasini asosiy tayanch deb biladi. Burhoniddin Margʻinoniyning “Hidoya” asari hali-hanuz islom huquqshunosligining bosh qoʻllanmasi boʻlib qolmoqda. Tasavvufning eng yirik namoyandalari ham biz yashayotgan zamindan yetishib chiqqan.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining ikki Ramazon oraligʻidagi faoliyati ham samarali kechdi. Koʻplab maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazildi. “Islom dinida tinchlik”, “Ahli sunna va jamoa aqidasiga koʻra, Alloh lomakondir”, “Mutaassiblik va dinda chuqur ketishning xatarlari”, “Gʻuluvning xatarlari” kabi risolalar nashr etildi. Markaz ilmiy xodimlari “Hadis maʼrifati” ruknida yuzga yaqin videodars tayyorladi. Hadislar notoʻgʻri talqin qilinishining oldini olish, ularning asl mazmun-mohiyatini keng targʻib qilish boʻyicha 250 ga yaqin material tayyorlandi.

Ilmiy tadqiqot yoʻnalishida ulugʻ alloma va mutafakkirlarimiz qalamiga mansub 22 asar tarjima qilinib, nashrga hozirlandi. Najmiddin Kubro, Mahmud Zamaxshariy, Imom Dorimiy, Abu Lays Samarqandiy, Abul Barakot Nasafiy, Hakim Termiziy, Abduxoliq Gʻijduvoniy, Burhoniddin Margʻinoniy, Yusuf Xos Hojib, Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va faoliyatiga oid “10 haqiqat” ruknidagi plakat va risolalar nashrga tayyorlandi.

Ortda qolayotgan muborak oy mana shunday xayrli, yorqin amallar tufayli yana ham fayzli va barakali boʻldi. “Ramazon yakunlanib qolganiga koʻp achinma, kelasi yil u oʻn kun oldinroq keladi”, deydilar. Oylar sultonining taassuroti, istiqbolga tikilgan umidli nigohlar hammamizni hamisha mehr-oqibat, insonparvarlik, ezgulik, bagʻrikenglik va saxovatlilik kabi fazilatlarga yoʻldosh qilsin!

Kirib kelayotgan Ramazon hayiti barchamizga muborak boʻlsin!

Shovosil ZIYODOV,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori

Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2024-yil 9-aprel, 70-son

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish