Sud-huquq islohotlarini izchil rivojlantirishda istiqboldagi rejalar
Hozirgi globallashuv sharoitida inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, qonun ustuvorligini taʼminlash hamda adolatli sudlov tizimini shakllantirish har bir demokratik davlat oldida turgan eng muhim vazifalardan hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasida ham soʻnggi yillarda sud-huquq tizimini isloh qilish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi inson huquqlari, qonun ustuvorligi va sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlashni davlatning asosiy vazifalaridan biri sifatida belgilaydi. Konstitutsiyaviy normalar sudlarning mustaqilligi, sudyalarning daxlsizligi va fuqarolarning sud orqali himoyalanish huquqini kafolatlaydi.
Soʻnggi yillarda qabul qilingan qonunlar va qonun osti hujjatlari sud-huquq tizimini liberallashtirish, jinoyat protsessida inson huquqlarini ustuvor qoʻyish hamda odil sudlov mexanizmlarini takomillashtirishga xizmat qilmoqda.
Darhaqiqat, bugun yurtimizda olib borilayotgan barcha yoʻnalishdagi islohotlarning markazida inson omili turibdi.
Zero, islohotlardan koʻzlangan asosiy maqsad ham shu muqaddas zaminda istiqomat qilayotgan har bir insoning orzularini roʻyobga chiqarish hamda uning uchun munosib turmush sharoitlarini yaratishdan iborat ekan, har birimiz bu borada zimmamizdagi ulkan masʼuliyatni toʻla his etib, masʼuliyatli vazifalarni sidqidildan, halol va vijdonan bajarishga, odil sudlovni faqat qonunga boʻysungan holda amalga oshirishga, shu ezgu maqsadlarga xizmat qilishni faoliyatimizning asosiy mezoniga aylantirib, daxldorlik hissi bilan mehnat qilishimiz darkor.
Bu esa jinoyat va huquqbuzarliklar soni kamayishiga, odamlarda huquqiy ong, huquqiy madaniyat oshishiga, bevosita xalq manfaatlarini roʻyobga chiqarishga, uning turmush darajasini yuksaltirishga xizmat qiladi. Bunga majburiyat deb emas, aksincha kundalik faoliyat va hayot tarzi sifatida qarash talab qilinadi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 26-dekabr kuni Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida 2026-yilda amalga oshiriladigan eng muhim 6 ta ustuvor yoʻnalishdan iborat dastur taqdim etildi.
Murojaatnomada Oltinchi ustuvor yoʻnalish sifatida zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimi borasidagi islohotlarga oid muhim masalalarga toʻxtalib oʻtildi.
Davlatimiz rahbari Murojaatida “Sud-huquq tizimini xalqqa yaqinlashtirishga qaratilgan ishlarimizni izchil davom ettiramiz.
Biz odil sudlov jarayonini “raqamli sud” konsepsiyasi asosida tashkil etishni boshladik. Endi tergovni ham raqamlashtirish orqali inson huquqlari himoyasini kuchaytiramiz. Bunda jinoyat haqidagi arizani qabul qilishdan boshlab, ishni sudga oʻtkazishgacha boʻlgan bosqichlarga sunʼiy intellekt texnologiyalari joriy etiladi va inson omili qisqartiriladi”, deb taʼkidladi.
Murojaatnomada alohida taʼkidlangan “raqamli sud” konsepsiyasi sud-huquq sohasidagi eng muhim innovatsion yoʻnalishlardan biri hisoblanadi. Sud ishlarini elektron shaklda yuritish, protsessual hujjatlarni raqamlashtirish, onlayn sud majlislarini oʻtkazish orqali sud tizimida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash koʻzda tutilmoqda.
Shuningdek, tergov jarayonlariga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish inson omilini kamaytirish, qonunbuzarlik va korrupsiya holatlarining oldini olishga xizmat qiladi. Jinoyat haqidagi arizani qabul qilishdan tortib, ishni sudga oshirishgacha boʻlgan bosqichlarni raqamlashtirish fuqarolarning huquqiy himoyasini yanada kuchaytiradi.
Prezidentimiz tomonidan yurtimizda tergov sudyalari ish boshlagani – xalqaro tan olingan “Xabeas korpus” institutini qoʻllashning navbatdagi muhim bosqichi boʻlgani qayd etilib, 2026-yildan tergov sudyalariga sanksiya va majburlov choralarini oʻzgartirish hamda bekor qilish vakolatlari berilishi Odil sudlovni amalga oshirishda jamoatchilik ishtiroki va roli oshirib borilishi haqida maʼlumot berildi.
Taʼkidlash lozimki, bu tamoyillarning joriy etilishi Oʻzbekiston sud-huquq tizimi mutlaqo yangi bosqichga chiqishini taʼminlashi shubhasiz. Tergov sudyalariga sanksiya va majburlov choralarini oʻzgartirish hamda bekor qilish vakolatlari berilishi ushbu sohani xalqqa yanada yaqinlashtiradi. Chunki har qanday holatdagi masalada fuqarolar sudda adolatli yechim boʻlishiga umid qiladi. Joriy etiladigan meʼyorlar ana shu umidlar amalda toʻlaqonli taʼminlanishiga zamin yaratadi. Shuningdek, bu islohot fuqarolarning shaxsiy daxlsizligi, protsessual huquqlari va sud himoyasini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Tergov organlari faoliyati ustidan sud nazoratining kuchayishi jinoyat protsessida adolat va qonuniylikni taʼminlaydi.
Prezidentimiz qayd etib oʻtganlaridek, “Endi jinoyat protsessiga ingliz huquqidagi davlatlarda ijobiy natija bergan “xalq vakillari hayʼati” instituti bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bunda oʻta ogʻir va jamiyatda shov-shuvga sabab boʻlayotgan jinoyatlar jamoatchilik vakillari ishtirokida koʻrib chiqilishi sud hukmining yanada adolatli boʻlishiga xizmat qiladi”.
Darhaqiqat, odil sudlovni amalga oshirishda jamoatchilik ishtiroki va roli oshirib borilishi, jinoyatlar jamoatchilik vakillari ishtirokida koʻrib chiqilishi sud sohasida tom maʼnodagi ochiqlik, xalqchillik, muhimi, adolat qaror topishiga xizmat qiladi. Ayniqsa, oʻta ogʻir va jamiyatda keng muhokamaga sabab boʻlayotgan jinoyat ishlarini jamoatchilik vakillari ishtirokida koʻrib chiqish sud qarorlarining adolatli va asosli boʻlishiga xizmat qiladi. Bu esa sud hokimiyatiga boʻlgan ishonchni yanada mustahkamlaydi.
Murojaatnomada Prezidentimiz turli jinoyatlar, huquqbuzarliklarga oid oʻtgan yildagi statistikalarga toʻxtalib, ularga qarshi kurashishning kelajakdagi mexanizmlari haqida maʼlumot berdi. Jumladan, giyohvandlikni aholi genofondi va yoshlar kelajagi uchun eng katta xavf, deb taʼkidladi. Bu yil 14 mingdan ortiq giyohvandlik jinoyati, shundan 3 mingga yaqini yoshlar tomonidan sodir etilgani xavotirli holat ekani qayd etildi. Narkotik savdosining internet va transchegaraviy tus olayotgani sababli, kurashda yangi usullar joriy etilishi va bu borada Milliy dastur qabul qilingani aytildi.
Shuningdek, tadbirkorlarga bosim oʻtkazayotgan, biznesni egallab olishga urinayotgan tashkillashgan jinoiy toʻdalar qattiq qoralandi. Davlat fuqarolar, tadbirkorlar va investorlarni har qanday holatda himoya qilishi qatʼiy bildirildi.
Prezident oilaviy zoʻravonlikni jamiyat uchun jiddiy muammo sifatida baholab, soʻnggi ikki yilda 2 mingdan ziyod holat aniqlanganini taʼkidladi. Ayollar va bolalarni himoya qilish boʻyicha davlat va jamoatchilikni qamrab olgan tizim yaratish vazifasi qoʻyildi.
Korrupsiya davlat taraqqiyotiga eng katta tahdid hisoblanadi. Shu bois, 2026-yil korrupsiyaga qarshi “favqulodda holat” yili deb eʼlon qilinib, barcha idoralarda komplayens va qatʼiy nazorat tizimi joriy etilishi, “qonun oldida hamma teng” ekani alohida taʼkidlandi.
Zero, korrupsiyaga qarshi tizimli kurashish masalasi oʻta dolzarb boʻlib, bu davlat boshqaruvida ochiqlik, hisobdorlik va shaxsiy javobgarlikni oshirishga qaratilgan qatʼiy chora-tadbirlarni taqozo etadi.
Xulosa qilib aytganda, Prezidentimiz Murojaatnomasida belgilangan sud-huquq tizimini isloh qilishdagi vazifa va ustuvor yoʻnalishlar mamlakatimizda inson huquqlarini taʼminlash, qonun ustuvorligini taʼminlash hamda adolatli jamiyat barpo etishga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Sud-huquq tizimini raqamlashtirish, tergov va sud jarayonlariga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, tergov sudyalari institutini mustahkamlash, jamoatchilik ishtirokini kengaytirish hamda korrupsiyaga qarshi qatʼiy choralar koʻrish orqali fuqarolarning adolatga boʻlgan ishonchi mustahkamlanadi.
Shu bilan birga, giyohvandlik, tashkillashgan jinoyatchilik, oilaviy zoʻravonlik va korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha belgilab berilgan qatʼiy chora-tadbirlar jamiyat xavfsizligi va barqaror taraqqiyotni taʼminlashga xizmat qiladi. Ayniqsa, korrupsiyaga qarshi “favqulodda holat” eʼlon qilinishi davlat boshqaruvida ochiqlik va shaxsiy javobgarlikni yangi bosqichga olib chiqadi.
Umuman olganda, Murojaatnomada ilgari surilgan tashabbuslar har bir fuqaroning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, xalq manfaatlariga xizmat qiladigan adolatli va samarali davlat tizimini shakllantirishga mustahkam zamin yaratadi.
Nigora Yusupova,
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi professori,
yuridik fanlar doktori
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish