2

Murojaatnoma ruhida mahallaning yuksalishi – jamiyat taraqqiyotining poydevori

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda davlat va jamiyat oʻrtasidagi munosabatlar mazmunan yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Bu jarayon, avvalo, davlat rahbarining parlament va xalq bilan ochiq muloqotga asoslangan siyosiy uslubida, jamiyat taqdiriga daxldor masalalarni oshkora va masʼuliyat bilan muhokama qilish anʼanasida yaqqol namoyon boʻlayotgani bilan ahamiyatlidir. Ana shu maʼnoda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oliy Majlis va xalqimizga yoʻllangan navbatdagi Murojaatnoma Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining strategik yoʻnalishlarini belgilab beruvchi muhim siyosiy hujjat sifatida tarixda qoladi.

Taʼkidlash oʻrinliki, Murojaatnoma davlat boshqaruvida hisobot yoki rasmiy bayonot doirasidan chiqib, jamiyat bilan oʻzaro ishonch va masʼuliyatga asoslangan muloqot maydoniga aylanib bormoqda. Unda iqtisodiy koʻrsatkichlar, islohotlar rejasi va tashkiliy vazifalar bilan bir qatorda inson taqdiri, ijtimoiy barqarorlik, maʼnaviy muhit va kelajakka boʻlgan ishonch masalalari chuqur uygʻunlikda ifodalanadi.

Shu jihatdan, Murojaatnoma davlat siyosatidagi ustuvor yoʻnalishlarni belgilash bilan birga, jamiyatni umumiy maqsadlar atrofida birlashtiruvchi gʻoyaviy mezon vazifasini ham bajarmoqda.

Ayniqsa, 2026-yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” deb nomlanishi davlat siyosatining navbatdagi bosqichi sifatida muhim ramziy va amaliy maʼno kasb etmoqda. Bu qaror islohotlar markaziga yanada yaqinroq insonni, uning kundalik hayoti, muammolari va ehtiyojlarini qoʻyayotganidan dalolat beradi. Chunki mahalla – fuqarolik jamiyatining ilk boʻgʻini, ijtimoiy adolat, oʻzaro yordam, maʼnaviy tarbiya va jamoaviy masʼuliyat shakllanadigan asosiy makondir.

Chunki mahallaning yuksalishi orqali kambagʻallikni qisqartirish, xotin-qizlar va yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy profilaktika va fuqarolik faolligini oshirish imkoniyatlari kengayadi. Eng muhimi, mahalla insonning davlat siyosati bilan bevosita bogʻlanish nuqtasiga aylanadi. Shu bois, 2026-yil konsepsiyasi jamiyat taraqqiyotini vertikaldan gorizontalga qarab emas, balki mahalladan butun mamlakat miqyosigacha izchil rivojlantirish gʻoyasiga tayanadi.

Davlat taraqqiyoti insondan boshlanadi, inson taraqqiyoti esa mahalladagi ijtimoiy, iqtisodiy va maʼnaviy muhit bilan uzviy bogʻliq jarayondir. Ana shu muhit sogʻlom va barqaror boʻlgan taqdirdagina jamiyat yuksaladi, davlat islohotlari xalq tomonidan anglanadi va qoʻllab-quvvatlanadi. Bu ulugʻ maqsadlarni roʻyobga chiqarishda esa davlat siyosati bilan jamiyat oʻrtasidagi ochiq va ishonchli muloqot hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Ana shu muloqotning eng taʼsirchan va institutsional shakllaridan biri davlatchilik amaliyotida Prezidentning parlament va xalqqa murojaat qilish anʼanasi orqali namoyon boʻladi. Bunday murojaatlar vositasida davlat rahbari jamiyat bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotga kirishadi, milliy taraqqiyotning ustuvor yoʻnalishlarini ochiq bayon qiladi hamda mamlakatning kelgusi umumiy vazifalarini fuqarolarning maqsadlari bilan bogʻlovchi yaxlit tizimiga jamlaydi. Bu jarayon davlat hokimiyati bilan jamiyat oʻrtasida ishonchni mustahkamlash, masʼuliyatni aniq belgilash va siyosiy qarorlarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilik ongiga yetkazishga xizmat qiladi.

Davlat rahbarining murojaati parlament minbaridan yangrashi ramziy jihatdan ham muhim jarayon. Chunki Oliy Majlis xalq irodasini ifodalovchi oliy vakillik organi sifatida davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari muhokama qilinadigan markaz vazifasini bajaradi. Murojaatnoma orqali davlat rahbari parlament va xalqni yagona maqsadlar atrofida birlashtiradi, ijro etuvchi hokimiyat, qonun chiqaruvchi organ va jamoatchilik oʻrtasidagi hamjihatlikni taʼminlaydi.

Shu munosabat bilan aytish mumkinki, Murojaatnoma amaliyoti bugungi kunda ishonch, ochiqlik va masʼuliyatga asoslangan siyosiy institut sifatida shakllanib ulgurdi. Unda davlat rahbarining jamiyat oldidagi masʼuliyati, xalq bilan hamnafaslik madaniyati va kelajakka qaratilgan aniq pozitsiyasi mujassam boʻladi.

Aytish joizki, Oʻzbekistonda Murojaatnoma anʼanasi 1997-yildan boshlab shakllana boshlagan boʻlib, u davrda davlatchilik va parlamentchilik madaniyati yangi bosqichga koʻtarilayotgan edi. Ilk murojaatlarda asosan iqtisodiy islohotlar, davlat institutlarini shakllantirish va mustaqil taraqqiyot yoʻli belgilab berilgan boʻlsa, keyingi yillarda ularning mazmuni sezilarli darajada kengaydi. Ayniqsa, keyingi davrda Murojaatnomalarda inson manfaati, ijtimoiy adolat, fuqarolik jamiyati, maʼnaviy muhit va barqaror taraqqiyot masalalari ustuvor ahamiyat kasb eta boshladi.

Bugun Murojaatnoma strategik yoʻl xaritasi vazifasini bajarib, jamiyat taraqqiyotining asosiy yoʻnalishlarini belgilab beradi. U orqali davlat siyosatining qisqa va uzoq muddatli maqsadlari aniq ifodalanadi, ijro mexanizmlari shakllantiriladi hamda barcha darajadagi rahbarlar uchun masʼuliyat mezonlari belgilanadi. Eng muhimi, Murojaatnoma jamiyatni umumiy maqsad atrofida jipslashtiradi, fuqarolarning faol pozitsiyasini ragʻbatlantiradi va davlat islohotlarining ijtimoiy tayanchini mustahkamlaydi.

2026-yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” deb belgilanishi davlat siyosatining amaliy markazi aniq belgilab qoʻyilganini anglatadi. Bu qaror islohotlarni aholi hayoti kechadigan aniq ijtimoiy muhitda, yaʼni mahallada rejalashtirish va ijro etish tamoyiliga tayanadi. Haqiqat shuki, avvalo, ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishda mahallaning hal qiluvchi oʻringa chiqishi bevosita Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan islohotlarning amaliy natijasidir. Kambagʻallik, ishsizlik, oilalar daromad manbalari, mehnatga layoqatli aholining real holati haqidagi maʼlumotlar avval markazlashgan idoralar orqali shakllantirilgan boʻlsa, bugun ular mahalla kesimida aniqlanmoqda. Ana shu maʼlumotlar asosida manzilli qarorlar qabul qilinib, kasbga oʻqitish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash yoki ijtimoiy yordam koʻrsatish kabi choralar mahallaning oʻzida amalga oshirilmoqda. Eng muhimi, ijro jarayoni ham, uning natijasi ham mahallada baholanib, aholining kundalik hayotida bevosita sezilayotgani davlat siyosatining formal hisobotdan amaliy samaraga oʻtganini koʻrsatadi.

Xotin-qizlar va yoshlar siyosatida ham mahalla hal qiluvchi boʻgʻin vazifasini bajarmoqda. Xotin-qizlarning bandligi, yoshlarning taʼlim va kasb bilan taʼminlanishi, ijtimoiy faolligi haqidagi real holat aynan mahallada aniqlanadi. Shu asosda individual yondashuv shakllanadi: kimni ishga joylashtirish, kimni kasbga yoʻnaltirish, kimning ijtimoiy himoyaga ehtiyoji bor. Bu jarayonda mahalla faqat ijrochi emas, balki davlat siyosati bilan inson oʻrtasida vositachilik qiladigan masʼul institut sifatida harakat qiladi.

Mahallaning ahamiyati ijtimoiy-iqtisodiy funksiya bilan cheklanib qolayotgani yoʻq. U jamiyat maʼnaviy muhiti shakllanadigan aniq ijtimoiy makon hamdir. Qadriyatlar, axloqiy meʼyorlar, qoʻshnichilik munosabatlari va jamoaviy masʼuliyat kabi fazilatlar kundalik amaliyot sifatida mahallada qaror topadi. Oilaviy nizolarni barvaqt aniqlash, yoshlar bilan tarbiyaviy ish olib borish, huquqbuzarliklarning oldini olish kabi vazifalar aynan shu muhitda samarali hal etiladi. Bu esa ijtimoiy barqarorlikni taʼminlashda hal qiluvchi omil hisoblanadi.

Taʼkidlash lozimki, islom maʼrifatida ham jamoaviylik, qoʻshnichilik huquqi, oʻzaro yordam va adolat tamoyillari markaziy oʻrin tutadi. Mahalla ana shu tamoyillarning hayotiy amalga oshish maydoni boʻlib xizmat qilib kelgan. Inson oʻzini jamiyatdan uzilgan shaxs sifatida emas, balki jamoaning masʼul aʼzosi sifatida his qiladi. Bu holat ijtimoiy befarqlikning oldini oladi, jamiyatda oʻzaro ishonch muhitini mustahkamlaydi.

Mahallaning yana bir muhim funksiyasi bu fuqarolik faolligini shakllantirishdir. Davlat siyosatiga munosabat, islohotlarni qabul qilish yoki tanqidiy baholash aynan mahallada shakllanadi. Fuqarolar davlat qarorlarining mazmunini shu yerda anglaydi, ularning ijrosida ishtirok etadi va natijasiga baho beradi. Shu orqali jamoatchilik nazorati, tashabbuskorlik va masʼuliyat kuchayadi. Bu jarayon jamiyatda ishonch va hamjihatlik muhitining barqaror qaror topishiga xizmat qiladi.

Shu maʼnoda, mahalla mustahkam boʻlgan taqdirda jamiyat islohotlarga tayyor boʻladi, ularning mazmunini anglaydi va amaliy qoʻllab-quvvatlashga qodir ijtimoiy muhit shakllanadi. 2026-yil esa mahallaning ijtimoiy, maʼnaviy va fuqarolik funksiyalarini alohida-alohida emas, balki bir butun tizim sifatida ishga solishga qaratilgan, Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotida sifat jihatdan yangi bosqichni belgilab beradigan muhim davr sifatida namoyon boʻlmoqda. Ana shu kompleks yondashuv islohotlarning maʼnaviy va gʻoyaviy poydevorini ham chuqur anglash zaruratini kun tartibiga chiqarmoqda.

Taʼkidlash kerakki, Murojaatnoma bugun Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida aynan shu nuqtayi nazardan davlat taraqqiyotining tarixiy va strategik hujjati sifatida chuqur ilmiy tahlil qilinmoqda. Akademiya jamoasi ushbu hujjatni joriy siyosiy matn doirasida qoldirmasdan, uning zamiridagi maʼnaviy, ijtimoiy va sivilizatsion gʻoyalarni oʻquv hamda ilmiy jarayonlarga tizimli ravishda tatbiq etmoqda. Bu yondashuv Murojaatnomada belgilangan vazifalarni nazariy tahlil bosqichidan chiqarib, ularni amaliy maʼrifiy faoliyat bilan bogʻlash imkonini bermoqda.

Jumladan, Akademiya mutaxassis-ekspertlari tomonidan Murojaatnomada ilgari surilgan gʻoyalar asosida oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar ishlab chiqilmoqda. Ushbu materiallar taʼlim jarayonida, malaka oshirish kurslarida, shuningdek, davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda oʻtkazilayotgan oʻqishlarda faol qoʻllanilmoqda. Qoʻllanmalarda barqaror taraqqiyot, ijtimoiy adolat, jamoaviy masʼuliyat, mahalla instituti va maʼnaviy muhit oʻrtasidagi bogʻliqlik aniq ilmiy mezonlar asosida ochib berilib, islohotlarning maʼnaviy tayanchlari tushuntirib berilayotgani alohida ahamiyat kasb etadi.

Eʼtiborli jihati shundaki, bu jarayon bir martalik aksiya yoki maʼruzalar bilan cheklanib qolmayapti. Akademiyada Murojaatnoma asosida shakllangan tahliliy va maʼrifiy ishlar izchil davom ettirilayotgan tizimli jarayon sifatida qaralmoqda. Ilmiy-tadqiqot ishlari, oʻquv mashgʻulotlari va ekspert muhokamalari orqali davlat siyosati bilan maʼnaviy qadriyatlar oʻrtasidagi uygʻunlik masalasi chuqur oʻrganilmoqda.

Tahlillar shuni koʻrsatadiki, 2026-yil tasodifiy kalendar bosqich yoki ramziy shior darajasida qolmaydigan, balki aniq maqsad va vazifalarga ega boʻlgan davlat strategiyasi sifatida belgilanmoqda. U islohotlarning ijtimoiy, maʼnaviy va fuqarolik qirralarini bir nuqtada jamlab, jamiyat taraqqiyotini mahalladan boshlab qurish tamoyiliga tayanadi. Bu yondashuv davlat siyosatining inson hayotiga yaqinlashganini, qarorlar real ijtimoiy muhitda shakllanib, shu muhitda ijro etilishini anglatadi.

Murojaatnoma esa ushbu strategiyaning mazmun va yoʻnalishlarini belgilab beruvchi aniq yoʻl xaritasi vazifasini bajaradi. Unda davlat boshqaruvining ustuvor vazifalari, ijtimoiy adolatni taʼminlash mexanizmlari, jamoatchilik ishtirokini kuchaytirish va maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirishga qaratilgan yondashuvlar oʻzaro bogʻliq holda bayon etilgan. Shu jihatdan, Murojaatnoma davlat va jamiyat oʻrtasidagi oʻzaro masʼuliyatga asoslangan strategik kelishuv sifatida namoyon boʻladi.

Bu strategiyaning amaliy ijro maydoni sifatida mahallaning belgilanishi mutlaqo mantiqiydir. Davlat siyosati shu makonda real mazmun kasb etgan taqdirdagina, islohotlar qogʻozda qolib ketmaydi, balki jamiyat ongi va amaliyotiga singib boradi. Mahalla mustahkam boʻlsa, qarorlar qabul qilinadi, ijro nazorat qilinadi va natijaga jamoatchilik baho beradi.

2026-yil mahallaning ijtimoiy, maʼnaviy va fuqarolik salohiyatini bir butun tizim sifatida ishga solishga qaratilgan, Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotida sifat jihatdan yangi bosqichni boshlab beruvchi davr sifatida tarixiy ahamiyat kasb etadi. Bu davrda davlat siyosati samarasi inson hayotidagi oʻzgarishlar, jamiyatdagi ishonch muhiti va fuqarolik masʼuliyati darajasi bilan oʻlchanadi.

Yakuniy xulosa shuki: mahalla rivojlansa, inson yuksaladi. Inson yuksalsa, jamiyat barqaror boʻladi. Jamiyat barqaror boʻlsa, Yangi Oʻzbekiston mustahkam boʻladi.

Furqat Joʻraqulov,

Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi professori,

siyosiy fanlar doktori

Izoh qoldirish