Mustaqillik va ma’rifat: ajdodlar ilmiy merosidan zamonaviy taraqqiyot sari
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi xalqimizning tarixiy taraqqiyot yo‘lini sarhisob qilish, istiqlol yillarida amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik va ma’naviy-ma’rifiy islohotlarni anglash, eng muhimi, kelajak avlod oldidagi mas’uliyatimizni chuqur his etish uchun muhim tarixiy sanadir.
Mustaqillik bizga nafaqat o‘z siyosiy va iqtisodiy taraqqiyot yo‘limizni belgilash, balki asrlar davomida shakllangan boy ilmiy, diniy va ma’naviy merosimizni xolis o‘rganish, uni qayta kashf etish va dunyoga namoyish qilish imkoniyatini ham berdi. 35 yillik yubileyga bag‘ishlangan qarorda ham milliy suverenitet va davlat mustaqilligi mamlakatning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy taraqqiyotining eng muhim sharti va kafolati sifatida e’tirof etilgan.
Bugun istiqlolning ma’naviy natijalari haqida so‘z yuritganda, avvalo, ajdodlarimizning ilmiy va diniy merosiga munosabat tubdan o‘zgarganini ta’kidlash lozim.
Markaziy Osiyo qadimdan ilm-fan, falsafa, tibbiyot, astronomiya, hadis ilmi, fiqh, kalom va tasavvuf rivojlangan yirik ilmiy-ma’rifiy makon sifatida dunyo sivilizatsiyasi tarixida alohida o‘rin egallab kelgan. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abu Mansur Moturidiy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Muhammad al-Xorazmiy, Mahmud Zamaxshariy, Bahouddin Naqshband kabi buyuk ajdodlarimizning ilmiy va ma’naviy merosi xalqimizning bebaho boyligidir.
Mustaqillik yillarida ana shu merosni o‘rganish va targ‘ib etishga bo‘lgan e’tibor yangi bosqichga ko‘tarildi. Bu borada bunyod etilayotgan ilmiy-ma’rifiy markazlar, xalqaro ilmiy-tadqiqot muassasalari va ziyorat maskanlari tarixiy xotirani tiklash bilan birga, yosh avlodning milliy o‘zligini anglashiga ham xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazining barpo etilishi O‘zbekistonning jahon islom sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini tizimli ravishda namoyish etish uchun katta imkoniyat yaratdi. Mazkur markazni oddiy muzey yoki tarixiy majmua sifatida baholash yetarli emas. U xalqimizning ko‘p asrlik ilmiy, diniy va madaniy merosini zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida namoyish etuvchi yirik ma’rifiy makon sifatida ahamiyat kasb etadi.
Bu tashabbusning mazmuni, avvalo, islom sivilizatsiyasini faqat diniy hodisa sifatida emas, balki ilm-fan, falsafa, madaniyat, axloq, me’morchilik va ma’rifat taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan sivilizatsion hodisa sifatida anglashga xizmat qiladi.
Istiqlol yillarida buyuk muhaddis Imom Buxoriy merosiga bo‘lgan e’tibor ham yangi bosqichga ko‘tarildi. Samarqand viloyatidagi Imom Buxoriy yodgorlik majmuasining yangi qiyofada barpo etilishi va uning zamonaviy ilmiy-ma’rifiy infratuzilma bilan boyitilishi ana shu e’tiborning yorqin ifodasidir. 2026-yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, majmua tarkibida eng ilg‘or axborot texnologiyalari asosida 9 pavilyondan iborat innovatsion muzey barpo etilgan bo‘lib, unda Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy merosi, hadis ilmining rivoji hamda islom ma’rifatiga qo‘shgan hissasi keng yoritilgan.
Bu kabi loyihalar tarixiy obidalarni saqlash bilangina cheklanmaydi. Ular ajdodlarimizning ilmiy merosini zamonaviy avlodga tushunarli shaklda yetkazish, yoshlarni ilmga, izlanishga va ma’rifatga rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
Demak, Imom Buxoriy majmuasining yangi qiyofasi — o‘tmish va kelajakni bog‘lovchi ma’naviy ko‘prikdir.
Diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri — zamonaviy, ilmiy asoslangan kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirishdir.
Bu borada O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasining o‘rni alohida. Akademiya islomshunoslik, dinshunoslik, manbashunoslik, islom tarixi, falsafasi va boshqa yo‘nalishlarda mutaxassislar tayyorlash bilan birga, diniy merosni ilmiy asosda tadqiq etish va xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim ilmiy muhit yaratmoqda.
Bugungi Akademiya faoliyatida diniy va dunyoviy bilimlarni uyg‘unlashtirish, yoshlarning zamonaviy ilmiy tafakkurini shakllantirish, xorijiy tillarni o‘rganish, xalqaro ilmiy aloqalarni kengaytirish kabi vazifalar tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.
2026-yilda Akademiya va xorijiy ilmiy markazlar o‘rtasidagi hamkorlikning kengayishi ham shu jarayonning davomidir. Jumladan, Turkiyaning Islom tadqiqotlari markazi (İSAM) bilan magistrant va doktorantlar uchun maxsus o‘quv modullari, onlayn mashg‘ulotlar, akademik almashinuv va qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish masalalari muhokama qilingan. Bu esa diniy-ma’rifiy ta’limning bugungi bosqichi xalqaro ilmiy makon bilan faol integratsiyalashayotganidan dalolat beradi.
Diniy-ma’rifiy sohadagi yangilanishlar haqida gapirganda, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi faoliyatini alohida qayd etish lozim.
Qo‘mita fuqarolarning vijdon va diniy e’tiqod erkinligini ta’minlash, diniy tashkilotlar faoliyati bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish, diniy bag‘rikenglik va konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash yo‘nalishlarida muhim vazifalarni amalga oshirmoqda.
Ayniqsa, bugungi murakkab axborot makonida diniy-ma’rifiy targ‘ibotning zamonaviy shakllarini rivojlantirish, yoshlarni turli yot g‘oyalardan asrash va ularda ma’naviy immunitetni shakllantirish nihoyatda muhim.
2026-yilning birinchi yarmida mamlakat bo‘ylab 223 mingdan ortiq ma’rifiy va profilaktik tadbir o‘tkazilgani, jumladan, yoshlar bilan 22 mingdan ortiq ochiq muloqotlar tashkil etilgani diniy-ma’rifiy ishlarning ko‘lami haqida tasavvur beradi. Shu davrda diniy sohada xalqaro hamkorlik doirasida 17 ta memorandum imzolangan. Bu raqamlar ortida juda muhim ma’naviy maqsad – jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, diniy bag‘rikenglik va tinchlik madaniyatini mustahkamlash g‘oyasi mujassam.
Mustaqillik yillarida amalga oshirilgan eng muhim ijtimoiy o‘zgarishlardan biri xotin-qizlarning ta’lim, ilm-fan, davlat va jamiyat hayotidagi ishtirokining sezilarli darajada kengayganidir.
Bugun ayollar uchun oliy ta’lim olish, ilmiy tadqiqot olib borish, kasbiy faoliyat yuritish va o‘z intellektual salohiyatini namoyon etish uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
2025/2026-o‘quv yilida 255 402 nafar xotin-qiz oliy ta’limga qabul qilingani, ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shug‘ullanayotganlarning 42 foizini ayollar tashkil etayotgani bu boradagi o‘zgarishlarning salmog‘ini ko‘rsatadi. Shuningdek, ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar uchun qo‘shimcha davlat granti imkoniyatlari kengaytirilmoqda.
Ayniqsa, diniy-ma’rifiy ta’lim va ilmiy tadqiqot sohasida xotin-qizlarning faollashuvi muhim ahamiyatga ega. Chunki ma’rifatli ayol — faqat o‘zining emas, balki oilasi va jamiyatining ma’naviy taraqqiyotiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi kuchdir.
Shu ma’noda, xotin-qizlarga yaratilayotgan imkoniyatlarni jamiyatdagi ijtimoiy adolat masalasi bilangina emas, balki mamlakatning ilmiy-intellektual salohiyatini yuksaltiruvchi muhim omil sifatida baholash zarur.
Bugungi avlod mustaqillikning tayyor ne’matlaridan foydalanayotgan avlodgina emas. U istiqlolning keyingi tarixini yaratadigan avlod bo`lishi zarur. Shuning uchun yoshlar oldida zamonaviy bilimlarni egallash, xorijiy tillarni o‘rganish, ilm-fan va texnologiyalarni o‘zlashtirish bilan birga, milliy tarix, madaniyat va ma’naviy merosni chuqur anglash vazifasi ham turibdi.
Ayniqsa, diniy-ma’rifiy sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislar uchun ilmiy xolislik, manbaga asoslangan yondashuv, bag‘rikenglik va ma’rifatparvarlik tamoyillari nihoyatda muhim. Shu jihatdan, Akademiya, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, ilmiy-tadqiqot markazlari va boshqa ma’rifiy muassasalar oldida turgan vazifa yagona maqsadga – bilimli, mustaqil fikrlaydigan, diniy va dunyoviy bilimlarni uyg‘unlashtira oladigan, milliy qadriyatlarni anglaydigan avlodni tarbiyalashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston mustaqilligining 35 yillik taraqqiyot yo‘liga nazar tashlar ekanmiz, istiqlolning ma’naviy mazmuni tobora chuqurlashib borayotganini ko‘ramiz.
Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy majmuasining yangi qiyofasi, xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi faoliyati, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ma’rifiy tashabbuslari — bularning barchasi xalqimizning boy ilmiy va diniy merosini zamonaviy taraqqiyot bilan uyg‘unlashtirish yo‘lidagi muhim qadamlaridir.
Xotin-qizlar va yoshlar uchun ta’lim, ilm-fan va kasbiy rivojlanish borasida yaratilayotgan imkoniyatlar esa bu jarayonning inson kapitaliga yo‘naltirilganini ko‘rsatmoqda.
Bugun biz uchun asosiy vazifa – ajdodlarimiz merosidan faxrlanish bilangina cheklanmasdan, undan ilmiy va ma’naviy kuch olish, uni zamonaviy tafakkur bilan uyg‘unlashtirish va kelajak avlodga munosib tarzda yetkazishdir.
Zero, mustaqillikning eng buyuk natijasi – erkin davlat bilan bir qatorda, erkin fikrlaydigan, bilimli, ma’rifatli va o‘zligini anglaydigan insonni tarbiyalash imkoniyatidir. 35 yillik istiqlolimiz bizga ana shunday ulkan imkoniyat va mas’uliyatni berdi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi muborak bo‘lsin!
Nargiza Shoaliyeva,
“O‘zbek va xorijiy tillar” kafedrasi dotsenti
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish